Harbiy prokuratura xodimlari "Men donorman" qon topshirish hayriya aksiyasida ishtirok etdi
Insonning hayotini asrab qolish ko‘pincha qon quyish jarayoni bilan bog‘liq. Qon esa kimyo laboratoriyalarida ishlab chiqilmaydi, u inson organizmidagi bebaho ne'mat. Faqat yaxshi insonlarning yordami bilangina og‘ir ahvoldagi bemorlarni hayotga qaytarish, ularning umriga umr qo‘shish mumkin.
Keyingi yillarda bunday savob amalni bajarayotgan insonlarning soni tobora ortayotgani quvonarli. Qolaversa, donorlikning afzalliklari bo‘yicha turli aksiya, targ‘ibot tadbirlarining ham ko‘paygani ezgu ishga bosh qo‘shayotganlar soni oshishiga turtki bo‘lmoqda.
Sog‘lom kishi uchun qon topshirish mutlaqo xavfsiz. Sababi, inson organizmida odatda 4,5-5 litr qon bo‘ladi va undan 200 yoki 400 ml olinadi. Organizmda esa kamaygan qon miqdorini 36 soat ichida to‘liq tiklab olish xususiyati mavjud. Eng muhimi, arterial gipertoniya xastaligining oldini olish, moddalar almashinuvini yaxshilash va immun tizimini mustahkamlashda qon topshirishning ahamiyati katta.
Insonning insonga qon topshirishdek oliy darajadagi hadyasi bo‘lmasa kerak. Bu orqali kimgadir hayot bag‘ishlash – eng savob ishlardan biri sanaladi.